ChatGPT nima? Oddiy tilda tushuntiraman
ChatGPT nima qila oladi, Google'dan nimasi bilan farq qiladi va qanday boshlash kerak — yangi boshlovchilar uchun oddiy tushuntirish, o'zbek tilida.
«ChatGPT» so’zini eskitmagan odam kam. Lekin ko’pchilik u haqda faqat eshitgan: «xat yozib beradi», «imtihonda yordam beradi»… Keling, bu nima ekanini va undan nima kutish kerakligini oddiy tilda aytaman.
Bir gapda ta’rif
ChatGPT — bu AI suhbatdosh (chatbot). Amerikadagi OpenAI kompaniyasi yaratgan. Siz unga xuddi odamga yozgandek savol yozasiz — u o’zbekchada ham, ruschada ham, inglizchada ham javob qaytaradi.
Orqasida nima turganini sun’iy intellekt haqidagi maqolamda tushuntirganman: model millionlab matnlarni «o’qib», ulardan qonuniyatni o’zlashtirgan — endi sizning savolingizga o’sha bilim asosida javob quradi.
Nima qila oladi?
- Yozadi — xat, ariza, insho, taqdimot matni, hatto shartnoma loyihasi.
- Tushuntiradi — murakkab mavzuni «10 yoshli bolaga tushuntirgandek» aytib beradi. «Menga o’qituvchimdan ko’ra aniqroq tushuntirdingiz» deyishgan.
- Tarjima qiladi — istalgan tilda. Ingliz tilini bilmasangiz ham, butun dunyo bilan yozisha olasiz.
- Kod yozadi — dasturchilar emas, oddiy foydalanuvchilar ham sayt, kalkulyator, kichik dastur yasatishyapti.
- Reja tuzadi — safar rejasi, taomnoma, ish rejasining birinchi varianti — 1 daqiqada.
- Rasm chizadi va tahlil qiladi — so’zdan rasm yasaydi, siz yuborgan rasmni ko’rib, nima borini aytadi.
Google’dan nimasi bilan farq qiladi?
Eng ko’p adashiladigan nuqta shu. Google — kutubxonachi: siz bergan so’rov bo’yicha tayyor sahifalarni topib beradi, o’zi javob yozmaydi. ChatGPT — maslahatchi: sizning savolingizga siz uchun maxsus javob quradi.
Shuuning uchun u avvalo sizning vaziyatingizni bilishi kerak. «Ingliz tilini o’rganish uchun reja tuz» desangiz — umumiy javob oladi. «Men 35 yoshda, kuniga 20 daqiqa vaqtim bor, boshlang’ich daraja» desangiz — sizga maxsus reja. Bu haqda prompt formulasi maqolamda batafsil yozganman.
Bir ogohlantirish: Google topgan sahifa mavjud, linkini ochib tekshirasiz. ChatGPT esa javobni o’zi quradi — va ba’zan ishonch bilan xato gapiradi. Manba kerak bo’lganda «buni qayerdan olgansan, manbani ber» deb so’rang va muhim joylarini tekshirib oling.
Qanday boshlash kerak?
- chatgpt.com saytiga kiring yoki telefonga rasmiy ilovasini yuklang (App Store, Google Play — «OpenAI» muallifligidagisini).
- Email yoki Google akkaunt bilan ro’yxatdan o’tasiz — telefon raqam ham yetadi.
- Bepul versiya ko’p narsaga yetadi. Pullik (Plus) — kuchliroq modellar va band paytlarda ham tez javob.
Uch daqiqa ketadi. Akkount ochilgach, birinchi savol sifatida shuni yozib ko’ring: «Menga [kasbingiz/sohangiz] bo’yicha 5 ta foydali maslahat ber, o’zbek tilida».
Kimlar uchun kerak?
Hammaga emas — lekin deyarli hammaga. Talaba uchun tayanch material, tadbirkor uchun birinchi qoralama, o’qituvchi uchun dars tayyorlash yordamchisi, hamma uchun bepul tarjimon va «tushuntirib ber» xizmati.
Yagona shart: u — yordamchi, tayyor haqiqat emas. ChatGPT bergan javobni o’zingiz tan olishingiz, tekshirishingiz kerak. Shunda u haqiqiy «aka»ga aylanadi — bilimli, tez, lekin ba’zan adratadigan.
Sinab ko’ring — bepul. Fikr bo’lsa, Telegram kanalimda yozing.