Claude Fable 5.1 chiqdi: kuch oshdi, narx tushdi
Anthropic Claude Fable 5.1 va Mythos 5.1'ni taqdim etdi. Ilmiy tadqiqot testlarida ball ikki baravar oshdi, narx esa 25-45% arzonlashdi. Nima o'zgargani haqida oddiy tilda.
Kecha (1-sentyabr) Anthropic yangi modellarini chiqardi: Claude Fable 5.1 va Claude Mythos 5.1. Ko’pchilik yangi model deganda kichik yangilanishni tushinadi — bu unday emas. Oddiy tilda tushuntiraman.
Ikki aka, bir urug’
Fable 5.1 va Mythos 5.1 — bu bir xil model, faqat xavfsizlik cheklovlari farq qiladi:
- Fable 5.1 — hamma uchun ochiq. Claude.ai, Claude Code va API orqali hoziroq mavjud.
- Mythos 5.1 — faqat tanlangan tashkilotlarga: kiberxavfsizlik va biologiya sohasida ishlaydigan, tekshiruvdan o’tgan hamkorlarga.
Mantiq oddiy: model shu qadar kuchliyki, uni hamma qo’liga bersa, xavflari ham bor. Anthropic kuchli versiyani “qo’lga kiygan” holda chiqaryapti.
Uch gap, nega bu muhim
1. Ilmiy tadqiqotda sakrash. Terminal-Bench-Science 0.1 testida Fable 5.1 52,6% oldi. Oldingi Fable 5 — 24,7%, Opus 5 — 29,0%, OpenAI’ning GPT-5.6 Sol — 22,4%. Ya’ni bir avlod ichida ball amalda ikki baravar oshdi.
2. Narx tushdi. Odatiy ish yukida ~25%, agentlik ishlarida (uzun, ko’p bosqichli vazifalar) ~45% gacha arzonlashdi. Sabab: cache o’qish narxi keskin tushirilgan. Kuchli model qimmatlashayotgan davrda teskari harakat — bu kamdan-kam gap.
3. Jonli misol. Millennium investitsiya firmasida ichki tizemda nodir xatolik bor edi: million urinishdan bir marta ro’y beradigan crash, uni 4-5 yil davomida hech bir muhandis va hech bir model tushuntira olmagan. Fable 5.1 topdi — tashqi kutubxonadagi bugni aniqlab chiqdi.
Oddiy foydalanuvchi uchun nima o’zgardi?
Claude.ai’da allaqachon Fable 5.1 ishlayapti. Agar siz undan kod yozish, hujjat tahlil qilish yoki murakkab masalalarni yechishda foydalansangiz — javoblar sifati va uzun vazifalarda bardoshliligi sezilarli oshgan. Narx esa API’dan foydalanuvchilar uchun arzonlashdi: $10/million kirish token, $50/million chiqish token.
Bitta qiziq detal: Yevropa Ittifoqi talabiga ko’ra, model matniga ko’rinmas suv belgisi (watermark) qo’yilgan — AI yozganini maxsus API bilan aniqlash mumkin. Bu “AI yozuvini qanday bilamiz?” savoliga birinchi jiddiy javoblardan.
Xulosa
Fable 5.1 — “yana bir yangilanish” emas: ilmiy tadqiqot yo’nalishida rekord, teskari narx harakati va xavfsizlikda yangi yondashuv (bir model, ikki xil cheklov). Yil oxirida AI modellari qanday raqobatlashishini ko’rsatib berayotgan signal.
Bu haqda kanalda ham yozaman — kuzatib turing: @robot_aka.
Qiziq bo’lsa, robotaka.uz’da poydevor seriyam bor: Claude nima? — kim uni chiqargan, qanday ishlaydi.