Qwen nima? Alibaba'ning AI modeli — oddiy tilda
Qwen — Alibaba'ning AI modellari oilasi: coding reytinglarida birinchi, ChatGPT'dan bir necha barobar arzon, ochiq versiyalari bor. Nima qila oladi, qanday sinab ko'rish mumkin — tushuntiraman.
ChatGPT, Gemini, Claude — bu nomlar hammaga tanish. Lekin 2026-yilda AI poygasining eng qiziq o’yinchilaridan biri boshqa joyda turibdi: Alibaba’ning Qwen modellari. O’zbekistonda nomi kam eshitiladi, lekin coding reytinglarida ular hozir birinchi safda. Keling, tanishtaraman — poydevor seriyamizning 12-qismi.
Bir gapda ta’rif
Qwen (talaffuzi: «chuen») — xitoy internet giganti Alibaba kompaniyasining AI modellari oilasi. To’liq nomi Tongyi Qianwen — taxminan «hamma uchun javoblar» degani. OpenAI, Anthropic va Google bilan bir poygada — va 2026’da Xitoy aynan Qwen hisobiga oldinga chiqdi.
Nima uchun gapirish kerak?
Uchta sabab bor.
1. Codingda 1-o’rin. 2026-yil 2-sentabrda yangilangan Qwen3.8-Max-0902 modeli Arena.ai’ning Code Arena: WebDev reytingida 1691 ball bilan birinchi o’ringa chiqdi — Claude Opus 5 Max (1688) va Kimi K3 Max (1674) oldinda. Bu kompaniyaning o’z benchmarki emas: inson ovozlaridan hisoblanadigan mustaqil reyting.
2. Narx. API narxi — $2/$6 (kirish/chiqarish, 1 mln token). Solishtirish uchun: Claude Opus 5 Max $5/$25, eng kuchli Fable 5.1 Max $10/$50. Ya’ni bir xil vazifa uchun Qwen 4-8 barobar arzon.
3. Ochiqlik. ChatGPT va Claude — to’liq yopiq modellar: faqat rasmiy serverlarida ishlaydi. Qwen’da esa yopiq flagman (Qwen3.8-Max) bilan birga ochiq vaznli modellar ham bor — masalan, 27 mlrd parametrli Qwen3.8-27B’ni yuklab olib, o’z kompyuteringizda, internetsiz ishlatsa bo’ladi. Buni ChatGPT bilan qilib bo’lmaydi.
Kim ishlatadi?
Qwen — dunyodagi eng katta ochiq AI ekotizimining bir qismi: Hugging Face platformasida eng ko’p yuklab olingan modellar qatorida, undan 200 mingga yaqin kompaniya foydalanadi. Boshqa kompaniyalar Qwen’ni asos qilib o’z modellarini yasaydi — xitoy ochiq modellari shu tarzda butun dunyoga tarqalyapti (buning eng mashhur misoli: Saudiya Arabistoni «milliy» deb e’lon qilgan modeli aslida boshqa kompaniya asosida chiqqani — bu haqda kanalda yozgan edim).
Qanday sinab ko’rish mumkin?
- Eng oson yo’l: chat.qwen.ai — rasmiy suhbat interfeysi, bepul.
- API orqali: Alibaba Cloud (QwenCloud) — OpenAI’ga o’xshash. Yangi foydalanuvchilarga bepul kvota beriladi.
- Lokal: ochiq modellar Ollama yoki LM Studio dasturida yuklanadi — internet kerak emas, ma’lumot kompyuteringizdan chiqmaydi.
- Tezkor variant: 2026 sentabrda Qwen3.8-27B Cerebras’ning maxsus chipida ishlay boshladi — sekundiga 1500 token, oddiy serverlardan 10-30 barobar tez.
ChatGPT’dan farqi nimada?
| Jihat | Qwen | ChatGPT |
|---|---|---|
| Egasi | Alibaba (Xitoy) | OpenAI (AQSh) |
| Ochiqlik | Yopiq flagman + ochiq modellar | Faqat yopiq |
| API narxi (1M token) | $2/$6 (Max) | $10/$50 (Astra) |
| O’zbek tili | O’rtacha | Yaxshi |
| Lokal ishlatish | Ochiq modellar bilan mumkin | Mumkin emas |
O’zbek tilidagi suhbatda hozircha ChatGPT va Gemini kuchliroq — Qwen asosiy e’tiborni ingliz/xitoy tillari va codingga qaratgan. Lekin dasturlash va arzon API kerak bo’lsa — jiddiy nomzod.
Ehtiyot bo’ling
- Yopiq API orqali yuborilgan ma’lumot xitoy kompaniyasining serverlariga tushadi — DeepSeek haqidagi postda yozganimizdek, maxfiy ish hujjatlarini yuklashdan oldin ikki marta o’ylang.
- Yechim bor: ochiq modelni lokal ishlatsangiz, ma’lumot umuman kompyuteringizdan chiqmaydi.
- Reytingdagi 3 ball farq katta yutqazish emas — o’z vazifangizda sinab ko’rishdan yaxshiroq isbot yo’q.
Poydevor seriya: AI nima · ChatGPT · Gemini · Claude · Copilot · Grok · Perplexity · AI agent · Meta AI · DeepSeek · Sora · Qwen (shu post)
Kanalda amaliy maslahatlar va kunlik AI yangiliklar: @robot_aka